Tuman va shaharlarda “Ustozlar milliy forumi” o‘tkazilmoqda

Toshkent viloyatining barcha tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan “Ustozlar Milliy forumi” tadbirlari keng miqyosda tashkil etildi. 22-25 avgust kunlari o‘tkazilgan mazkur tadbir doirasida pedagog xodimlarning kasbiy mahoratlarini yanada oshirish, ilg‘or tajribalarni targ‘ib qilish, o‘quv dasturlari va darsliklardagi yangiliklar, o‘zgarishlarni tizim xodimlariga yetkazildi. O‘tgan o‘quv yili davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar batafsil o‘rganilib, yangi o‘quv yilida yangi ruh, yangicha kayfiyatda ish boshlash rejalashtirildi.

 

ZANGIOTA TUMANI

Kuni kecha “Ustozlar Milliy forumi” Zangiota tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Tadbirda tumandagi 40 ta ta’lim muassasalari rahbarlari, tajribali pedagoglar, yosh, intiluvchan ustozlar ishtirok etdi.

"Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri pedagoglarni yangi o‘quv yili davomida ta’lim sifatini yuqori bosqichlarga olib chiqish bo‘yicha qator vazifalar bilan tanishtirdi.

 

Shundan so‘ng forum ishtirokchilari fanlar kesimida shoʻbalarga bo‘linib, trenerlar tomonidan milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan yangi avlod darsliklaridagi hamda ta’limdagi yangiliklar bilan tanishdilar.

 Tadbir davomida yosh avlodni umuminsoniy qadriyatlar, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ta’lim sohasiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun bir qator pedagoglar hamda ta’lim muassasalarida ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan faxriy ustozlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Tadbir yakunida tuman pedagoglari hamda ota-onalarga xalq ta’limi bo‘limining Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.

YANGIYO‘L SHAHAR

Ayni tadbirlar joriy yilning 25 avgust kuni Yangiyo‘l shahar xalq ta’limi bo‘limi tassarrufidagi ta’lim muassasalari pedagoglari uchun ham o‘tkazildi. Forum shahardagi 7-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

Forum davomida taklif etilgan mehmonlar so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda ta’limga qaratilayotgan e’tibor va erishilayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib, forum ishtirokchilarini tabriklashdi.

So‘ngra o‘qituvchilik kasbiga ilk qadam qo‘ygan yoshlarning qasamyodi qabul qilindi. Shuningdek, tadbirda o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Forum yakunida alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlar, yosh mutaxassislar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ayni tadbirda yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi. Ya’ni, tumandagi maktab kutubxonachilariga elektron kutubxona faoliyatini yaxshilash, kitobxonlikni yanada oshirish maqsadida monobloklar sovg‘a qilindi. Qolaversa, "Umid nihollari" sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 6-maktab o‘quvchilariga ham estalik sovg‘alari topshirildi.

OHANGARON TUMANI

Viloyatimizning eng chekka tumanlaridan biri Ohangaronda bugungi kunda 53 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritadi. Ayni kunlarda Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Ustozlar Milliy forumi” tumanda ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Forum doirasida trener o‘qituvchilar ta’limdagi transformasiya jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar, yangi avlod darsliklari va milliy dasturdagi ushbu ustuvor jihatlarini pedagoglarga amaliy mashg‘ulotlarda ko‘rsatib berdi. Unda tuman pedagoglari shoʻbalarga bo‘lingan holda qatnashdilar.

Tadbir so‘nggida tumandagi eng faol, jonkuyar ustozlarga tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tashakkurnoma va sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.

Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

Boshqarmaning rasmiy telegram kanaliga ulanish @toshkentvxtb

26-08-2022
Ijtimoiy tarmoqlarga ulashish