Xalq ta’limi a’lochilari safi kengaymoqda

Tadbirda boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov barcha ustozlarni kasb bayrami bilan tabrikladi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining sohaviy mukofotlari bilan taqdirlangan ustoz va murabbiylarga mukofotlarni tantanali  topshirdi. Jumladan, tizimda faoliyat yuritayotgan 66 nafar o‘qituvchi “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyati bo‘yicha o‘tgan bir yilda malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar soni qariyb 303 ming nafarga yetib, bu jami pedagoglarning 62,5 foizini tashkil etmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 45,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 3 yil oldin 30 foizga ham yetmagan edi. Shuningdek, joriy yilda oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar soni salkam 143 ming nafarga, ya’ni 30,1 foizga yetgani holda oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar ulushi 9,1 foizni tashkil etmoqda. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 5,7 foiz bo‘lgan, xolos. O‘z navbatida, xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan o‘rta ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi ham 9,5 foizdan 7,3 foizga kamaygan. Bu ham maktablarda oliy ma’lumotli o‘qituvchilar safi yildan-yilga kengayib, pedagog kasbining nufuzi oshib borayotganiga dalolatdir. 

2021 yildan xorijiy tillar o‘qituvchilariga xalqaro sertifikat berish tizimi joriy qilinib, ularning o‘z bilimini isbotlashi asosida shaffof tarzda oylik maoshini qo‘shimcha oshirish imkoni berildi. Bu esa o‘tgan qisqa davrda xalqaro standartlarga javob beradigan chet tili o‘qituvchilari soni deyarli uch barobar oshishiga turtki bo‘ldi. Shuningdek, tadbirda ta’lim tizimida uzoq yillar faoliyat yuritib, bugungi kunda qarilik gashtini surayotgan onaxonlarning fidokorona umr va mehnat yo‘llari e’tirof etilgan “Bu – mening onam” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 

30-09-2022