Xalq taʼlimi vaziri Koreya respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashdi

Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi-Sang o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda yurtimiz xalq taʼlimi tizimini yana-da rivojlantirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.

Uchrashuvda koreys mutaxassislarini O‘zbekistonga yuborishni tashkil etish bo‘yicha Koreya Respublikasi Taʼlim vazirligining Xalqaro milliy taʼlim instituti bilan imzolangan memorandum asosida olib borilayotgan ishlarga ham alohida to‘xatilib o‘tildi. Qayd etilganidek, ayni vaqtda 4 nafar koreys mutaxassislari mamlakatimiz umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Muloqot davomida mazkur mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahrida o‘tkazilgan o‘quv seminar tadbirlarini respublikamizdagi barcha hududlarda keng tarzda tashkil etish, bunda yangi o‘qitish metodikalari asosida kimyo, fizika, biologiya, matematika va AKT fanlari o‘qituvchilarining malakasini oshirib borish belgilab olindi.

Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Axborot xizmati

24-10-2022