Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari quyidagilardir:
✔ Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarilishini ta'minlashda ishtirok etish;
✔ Viloyat va mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar (bundan buyon matnda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar deb ataladi) bilan hamkorlik qilish;
✔ umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim sohasida qonun hujjatlariga, normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish va nazorat qilish;
✔ umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalarida o'quv-metodik faoliyatni muvofiqlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
✔ imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida o'quvchilarni reabilitatsiya qilish va ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash bo'yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;
✔ nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslarni qo'llab-quvvatlash hamda umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalarida ta'lim berishning muqobil shakllarini rivojlantirish;
✔ umumta'lim muassasalarida zamonaviy xavfsizlikni ta'minlash vositalari va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo'yicha tadbirlarni tashkil etish;
✔ umumta'lim muassasalarini qo'llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalalari borasida hokimiyatlar reytingini tuzishda ko'maklashish;
✔ o'qituvchilarning kasbiy faoliyatiga bog'liq bo'lmagan turli xil ishlarga jalb qilinishini qat'iyan yo'l qo'yilmasligini ta'minlash, o'qituvchi kasbining maqomi va obro'sini oshirish, o'qituvchilarning o'z kasb faoliyatini amalga oshirishi chog'ida huquq va erkinliklari buzilmasligi, sha'ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha choralarni ko'rish;
✔ umumiy o'rta va maktabdan tashqari ta'lim tizimini rivojlantirishga yo'naltirilgan yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta'minlash, pedagogik kadrlar malakasi va kasbiy mahoratini oshirish;
✔ o'quv-tarbiya jarayoniga o'qitishning zamonaviy ilg'or shakllarini, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ta'lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etishni ta'minlash;
✔ ta'lim muassasalarida O'zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkilotlari faoliyatini samarali yo'lga qo'yish orqali o'quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, insonparvarlik va yuksak ma'naviyat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga mustaqillik, insonparvarlik an'analariga sadoqat, milliy o'zlikni anglash g'oyalarini yana-da chuqur singdirish, "ommaviy madaniyat" ko'rinishidagi yot g'oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlashga yo'naltirilgan tadbirlarni amalga oshirish;
✔ 9-sinf bitiruvchilarini ta'limning keyingi bosqichiga to'liq qamrab olish, ularning umumiy o'rta ta'lim muassasalari 10-sinfida yoki o'zlari tanlagan akademik litsey yoki kasb-hunar maktablarida o'qishlarini davom ettirishlarini ta'minlash;
✔ o'quvchilarning kasbga yo'naltirilishini va psixologik-pedagogik diagnostikasini, vasiylikni, bolalar va o'smirlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni, ular bilan, shu jumladan ijtimoiy nochor bolalar bilan doimiy ish olib borishni tashkil etish;
✔ o'quvchi-yoshlarni, jismoniy tarbiya hamda sport bilan muntazam shug'ullanishga ommaviy jalb etishni tashkil etish;
✔ viloyatning ta'lim sohasida erishgan yutuqlarini konferensiyalar, ko'rgazmalar va boshqa tadbirlar o'tkazish yo'li bilan respublika darajasida keng targ'ib qilish;
✔ Boshqarma tasarrufidagi tuman (shahar) xalq ta'limi bo'limlari va tasarrufidagi ta'lim muassasalarini yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega bo'lgan kadrlar bilan ta'minlash choralarini ko'rish.